Bank tizimi: barqarorlik makroiqtisodiy o'sishga sharoiyat yaratmoqda

2016-01-19

O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kengaytirilgan Boshqaruv majlisida bank tizimining 2015 yildagi faoliyati yakunlari va shu yilning 15 yanvarida respublika Hukumati majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan belgilab berilgan 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo'nalishlari va ustuvor vazifalarining o'z vaqtida va to'liq hajmda ijro etilishini ta'minlash masalalari ko'rib chiqildi.

Majlisni O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Fayzulla Mullajonov boshqardi.

Qayd etib o'tildiki, hisobot yilida Markaziy bankning pul-kredit siyosati 2015 yilga mo'ljallangan makroiqtisodiy ko'rsatkichlarning bajarilishiga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining bank tizimini yanada isloh qilish, uning barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishga qaratilgan farmon va qarorlarida belgilangan vazifalarning so'zsiz bajarilishini ta'minlashga qaratildi.

Hisobot yilida mamlakatimiz bank tizimining kapitallashuv darajasini oshirish, uning likvidligini yanada mustahkamlash, barqarorligini kuchaytirish borasida keng qamrovli tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bank tizimida erishilgan ko'rsatkichlar nafaqat xalqaro umumqabul qilingan me'yorlarga mos keladi, balki ayrim yo'nalishlar bo'yicha undan ham yuqori ko'rsatkichlarga erishildi.

Xususan, bugungi kunda bank tizimi kapitalining etarlilik darajasi 23,3 foizni tashkil etib, u xalqaro bank nazorati bo'yicha Bazelь qo'mitasi tomonidan 8 foiz qilib belgilangan talabga nisbatan qariyb 3 barobarga ziyod demakdir. 2016 yilning 1 yanvarь holatiga ko'ra, banklarning umumiy kapitali 7,8 trln. so'mdan oshdi.

Bank tizimining joriy likvidlik darajasi bir necha yildan buyon 64,5 foizdan yuqori bo'lib, bu ko'rsatkich ham jahon amaliyotida umumqabul qilingan minimal ko'rsatkichdan 2 barobar yuqoridir.

Bank aktivlari o'tgan yilga nisbatan 25,1 foiz o'sib, bugungi kunda 65,2 trln. so'mga etdi.

Xalqaro standartlar asosida samarali bank nazoratining amalga oshirilishi, bank likvidligi va aktivlari sifati ustidan doimiy monitoring olib borilishi mamlakatimiz banklariga xalqaro reyting agentliklari tomonidan taqdim etilgan “barqaror” ijobiy reyting baholarini qayta tasdiqlash imkonini berdi.

Bu borada amalga oshirilgan keng ko'lamli chora-tadbirlar natijasida Moody’s xalqaro reyting agentligi O'zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqbollariga ketma-ket oltinchi yil «barqaror» reyting bahosini berdi.

Standard & Poor’s va Fitch Ratings reyting agentliklari ham O'zbekiston bank tizimi faoliyatini «barqaror» sifatida baholadi.

Shunday qilib, respublikamizda faoliyat ko'rsatayotgan 26 ta bankning barchasi katta uchlik reyting agentliklarining «barqaror» reyting baholariga egalar.

Bank tizimi faoliyatining asosiy indikatorlari, chunonchi, «banklarning umumiy kapitali etarliligi», «tijorat banklarining likvidligi», «depozitlar hajmining dinamikasi», «kredit qo'yilmalari hajmining o'zgarishi» hisobot yili yakunlari bo'yicha yuqori baholarga mos bo'ldi.

Banklar tomonidan 2015 yil uchun ustuvor vazifa etib belgilangan sanoatda yuqori texnologiyali va zamonaviy bo'lgan eng muhim ob'ektlar hamda quvvatlarni ishga tushirish, mamlakatda ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan yangilash va modernizatsiyalashga qaratilgan keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, hisobot yilida iqtisodiyotning real sektoriga yo'naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi 2014 yilga nisbatan 27,3 foiz ko'payib, 2016 yilning 1 yanvarь holatiga ko'ra, 42,7 trln. so'mdan ortdi.

Banklarning investitsiya maqsadlariga ajratilgan kreditlari hajmi ham 2014 yilga nisbatan 1,2 barobar oshib, 2016 yilning 1 yanvarь holatiga ko'ra 10,2 trln. so'mni tashkil qildi.

Davlatimiz rahbarining kichik biznesni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish borasida ilgari surigan vazifalari ijrosini ta'minlash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi va natijada soha subektlariga ajratilgan kreditlar hajmi o'tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko'payib, 2016 yilning 1 yanvarь holatiga ko'ra 12,1 trln. so'mdan ortdi.

Jumladan, mikrokreditlar hajmi 2,5 trln. so'mdan oshib, bu ko'rsatkich ham o'tgan yilga nisbatan 1,3 barobardan ziyodga o'sdi.

Tijorat banklari tomonidan ayollarning tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan kreditlar hajmi o'tgan yilga nisbatan 1,3 barobar o'sib, shu yilning 1 yanvarь holatiga ko'ra 1,2 trln. so'mdan oshib ketdi.

Shuningdek, banklar tomonidan yoshlarni, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, ularning biznes loyihalarini moliyaviy qo'llab-quvvatlashga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. O'tgan yili mazkur yo'nalishga ajratilgan kreditlar 277,8 mlrd. so'mni tashkil etdi yoki 2014 yilga nisbatan qariyb 1,4 barobar o'sishi ta'minlandi.

Shu o'rinda ta'kidlash joizki, mamlakatimizda bank tizimini isloh qilish va erkinlashtirish borasida erishilgan yutuqlar Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining tadbirkorlik faoliyatini yuritish shart-sharoitlari bo'yicha « Doing Businees - 2016» navbatdagi yillik hisobotida yana bir bor o'z tasdig'ini topdi.

2015 yilning oktyabrь oyida chop etilgan hisobotga ko'ra, kreditlash shartlari bo'yicha so'nggi uch yilda mamlakatimizning reytingi 113 pog'ona, ya'ni 154-o'rindan 42-o'ringa ko'tarildi.

Mamlakatimiz banklarining barqaror holati, bank tizimiga bo'lgan ishonchning yildan-yilga oshishi hamda aholi real daromadlarining o'sib borishi aholi va xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning bo'sh pul mablag'larini omonatlarga jalb qilishning mustahkam asosi bo'lib qolmoqda.

Tijorat banklarining resurs bazasini ko'paytirish borasida amalga oshirayotgan ishlari natijasida jami depozitlar miqdori yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, ushbu ko'rsatkich 2014 yilga nisbatan 28 foiz o'sib, 2016 yilning 1 yanvarь holatiga ko'ra 35,6 trln. so'mdan ortdi.

Hisobot yilida moliyaviy xizmatlar tarkibida, bevosita bank xizmatlarining ulushi 88 foizga etib, bu ko'rsatkich ham 2014 yilga nisbatan 1,3 barobardan ziyod oshdi. Bu esa, aholi hamda tadbirkorlik sub'ektlariga zamonaviy bank xizmatlari ko'rsatish sifati va ko'lamini kengaytirish borasida ko'rilayotgan maqsadli chora-tadbirlarning samarasidir.

Respublikamizda naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirishga ham alohida e'tibor berilmoqda. Muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni yil sayin ortib, ularning umumiy soni bugungi kunga kelib 16,3 mln. donadan oshdi, savdo va xizmat ko'rsatish shaxobchalariga o'rnatilgan hisob-kitob terminallari soni esa 183,1 mingtaga etdi.

Shu bilan birga, majlisda mijozlarga zamonaviy bank xizmatlari ko'rsatish va aholining banklarga bo'lgan ishonchini yanada oshirish borasidagi mavjud ichki imkoniyatlardan to'liq foydalanmayotgan ayrim tijorat banklari faoliyati qattiq tanqid qilindi.

Majlisda, 2016 yilda bank tizimida amalga oshirilishi lozim bo'lgan ustuvor vazifalar, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan bayon etilgan olib borilayotgan islohotlarni, iqtisodiyotdagi tarkibiy o'zgarishlarni izchil davom ettirish, xususiy mulkchilik, kichik biznes va tadbirkorlikka yanada keng yo'l ochib berish, shuningdek, bank tizimining barqarorligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, tijorat banklari faoliyatini xalqaro standartlar va printsiplarga muvofiq baholash, tartibga solish hamda nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro moliya institutlari bilan o'rnatilgan hamkorlikni mustahkamlab borish, xo'jalik sub'ektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, bank xizmatlari turlarini yanada kengaytirish hamda sifatini yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga joriy etish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, majlisda barcha banklar rahbarlari zimmasiga mamlakatimizda 2016 yilning - “Sog'lom ona va bola yili” deb e'lon qilinishi munosabati bilan bu borada qabul qilinadigan Davlat dasturi hamda joriy yilda ish o'rinlarini tashkil etish dasturida belgilangan vazifalarning o'z vaqtida va to'liq bajarilishini ta'minlash vazifasi topshirildi.

Majlisda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Markaziy bank Boshqaruvining tegishli qarorlari qabul qilindi.