Davlat raqobat qo‘mitasida 2015 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2016-01-19
Joriy yilning 16 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasida Qo'mita, uning hududiy organlari va tarkibiy tuzilma tashkilotlarining 2015 yilning yakunlariga bag'ishlangan kengaytirilgan Hay'at yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishni Davlat raqobat qo'mitasi raisi Davron Xidoyatov olib bordi.
2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo'nalishlaridan kelib chiqqan holda, o'tgan hisobot davrida Qo'mitaning faoliyati:
- xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik yo'lidagi barcha g'ov va to'siqlarni bartaraf qilish;
- aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga xorijiy investorlarning 15 foizdan kam bo'lmagan ulushi jalb qilinishini ta'minlash;
- korporativ boshqaruv tizimidagi tamoyillar va yondashuvlarni tubdan o'zgartirish, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiya jarayonlarining korporativ menejmentiga doir xalqaro zamonaviy standartlarni joriy etish;
- aksiyadorlik jamiyatlarida davlat ulushini kamaytirish, xususiy va xorijiy aksiyadorlarni real iqtisodiyotning tarmoq va sektorlariga keng jalb qilishga yo'naltirildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 apreldagi №PF-4720-sonli “Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 28 apreldagi № PF-2340-sonli “Iqtisodiyotda xususiy mulkchilikni ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarorining qabul qilinishi mazkur yo'nalishda muhim qadam bo'ldi.
Kengaytirilgan Hay'at yig'ilishida xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, raqobatni rivojlantirish, monopoliyaga qarshi, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish, iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy o'zgartirish borasida Qo'mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
O'tgan 2015 yilda Qo'mita faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri bu muhtaram Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan Farmonlarida nazarda tutilgan aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni ta'lim tomondan qo'llab-quvvatlashga qaratildi. Shu bois, korporativ boshqaruvning tashkiliy ishlari va zamonaviy uslublarini joriy qilishni metodik ta'minlash, shuningdek xalqaro talab va standartlarga muvofiq ushbu sohada boshqaruv xodimlarini tayyorlash, hamda ularning malakasini oshirish asosiy vazifasi hisoblangan Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi tashkil etildi.
Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi hamda Germaniyaning Yevropa menejmenti va texnologiyalari maktabi tomonidan tashkil etilgan o'qish kurslarida respublika aksiyadorlik jamiyatlarining 160 ta rahbar xodimlari malaka oshirdilar va 80 ta rahbar xodimlar Germaniyada tashkil etilgan amaliy o'quv mashg'ulotlarida qatnashib, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etgan yirik kompaniyalarda amaliyot o'tib kelishdi.
Kengaytirilgan Hay'at yig'ilishi yakunida mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo'nalishlar va vazifalardan kelib chiqqan holda Qo'mita, uning hududiy organlari va tarkibiy tuzilma tashkilotlarining 2016 yilda amalga oshiradigan ishlari belgilab olindi.