Qonun va qarorlar ijrosi yo’lida

2015-07-17

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi oltinchi sessiyasi bo’lib o’tdi. Sessiyani xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining raisi, Toshkent shahar hokimi R.Usmonov olib bordi.

Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 fevraldagi «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi to’g’risida»gi Qarorida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlashga yo’naltirilgan ustuvor vazifalarning joriy yilning birinchi yarim yilidagi ijrosi, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining bajarilishi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2012 yil 18 apreldagi «To’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning o’tkazilishini tartibga solish to’g’risida»gi qarorining ijrosi ko’rib chiqildi.

Shuningdek, Toshkent shahar mahalliy byudjetining 2014 yil yakunlari va 2015 yil birinchi chorak yakunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2014 yil 13 noyabrdagi «2015 yilda ish o’rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi to’g’risida»gi qarorining ijrosi muhokama etildi.

«Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi yuzasidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish yuzasidan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo’yicha Sergeli, Shayxontohur, Yunusobod, Bektemir va Olmazor tumanlari hokimlarining hisobotlari tinglandi.

Sessiyada «Keksalarni e’zozlash yili» hududiy dasturida belgilangan vazifalar ijrosini har o’n besh kunda o’rganib borish, bu borada ijro intizomini mustahkamlash, o’zaro hamkorlikni tizimli yo’lga qo’yish, boshqaruvning barcha bo’g’inlarida tegishli mutasaddi rahbar va mutaxassislarning mas’uliyatini yanada oshirish choralari belgilandi.

Shuningdek, hududiy dasturda belgilangan 7 ta madaniyat va aholi dam olish markazi hamda 6 ta madaniyat va istirohat bog’larini kapital ta’mirlash va rekonstruktsiya qilish borasida qisqa muddatlarda barcha tashkiliy ishlarni amalga oshirish va ko’zda tutilgan tadbirlarni o’z muddatlarida yakuniga yetkazish choralari ko’rish lozimligi ta’kidlandi.

«Keksalarni e’zozlash yili» hududiy dasturi chora-tadbirlarining o’z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida tumanlardan saylangan deputatlar, tumanlarga biriktirilgan shahar komissiyasi a’zolarining har oyda bir marotaba o’zlariga biriktirilgan tumanlarga chiqib, shahar hududiy dasturining bajarilishini o’rganishni tashkil qilishi, mavjud va yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Toshkent shahar komissiyasiga takliflar kiritib borilishi kerakligi qayd etildi.

Sessiyada «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini so’zsiz ta’minlash, murojaatlarni ko’rib chiqish bilan bog’liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan birga ularning ariza va shikoyatlar, davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar bilan davlat organlari va muassasalariga, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga murojaat qilish huquqlarini yanada mustahkamlashga oid masalalar atroflicha ko’rib chiqildi.

Ushbu Qonunning maqsad, mazmun-mohiyatini keng jamoatchillikka yetkazish choralarini ko’rish, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish kunlari jadvalini davlat idorlarining rasmiy veb saytlariga va davlat organlari joylashgan binolarda hamma kirishi mumkin bo’lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazishni yo’lga qo’yish choralari belgilandi.

Toshkent shahar Kengashi tomonidan Toshkent shahar mahalliy byudjetining 2014 yil yakuni hamda 2015 yilning birinchi choragi uchun belgilangan vazifalar ijrosi, ikkinchi chorak va yillik daromad prognoz ko’rsatkichlarining sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Bundan tashqari sessiyada O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 28 oktyabrdagi «To’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazilishini tartibga solish to’g’risida»gi Farmoni hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2012 yil 18 apreldagi shu yo’nalishdagi qarori ijrosi ko’rib chiqildi.

Aholi tinchligiga xalal yetkazmaslik maqsadida to’y, marosim va oilaviy tadbirlar munosabati bilan restoranlar, kafelar, to’yxonalar, guzarlar, xususiy xonadonlar va ko’chalarda soat 23:00 dan 06:00 gacha baland ovoz bilan qo’shiq aytish, musiqa chalish, tovush signallarini berish, ovoz chiqaruvchi texnika vositalaridan foydalanish va shovqin qilish mumkin emasligi belgilab qo’yilganligi ta’kidlanib, to’y-hasham munosabati bilan kelin-kuyov va ularning yaqinlari shahar aylanishida yo’l harakati xavfsizligiga qat’iy rioya etilishining nazoratga olinishi, to’y va marosim egalariga tadbirni ixcham, kamxarj va dabdabasiz o’tkazish bo’yicha tushuntirish ishlarini olib borish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olmaydigan fuqarolarni mahalla fuqarolar yig’inida muhokama qilish tavsiya etildi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2014 yil 13 noyabrdagi «2015 yilda ish o’rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi to’g’risida»gi qarori ijrosini ta’minlash hamda aholining bandligi, turmush darajasi va daromadlarini o’stirish, mehnat bozorida ish kuchiga bo’lgan talabni oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarining mavjud salohiyatidan samarali foydalanish masalasi ko’rib chiqildi.

Shuningdek, yangi ish o’rinlarini tashkil etishga yo’naltirilgan qo’shimcha dasturga asosan yil davomida yaratilgan yangi ish o’rinlarining manzilli ro’yxatini shakllantirish uchun ma’lumotlar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasiga taqdim etilishini ta’minlash, har oyda kamida bir marta ish o’rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga yo’naltirilgan dasturlar va chora-tadbirlar ijrosini tanqidiy o’rganish, ushbu masalani tuman hokimliklari va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida muhokama etib borish hamda mavjud muammolarni hal etishda ko’maklashish choralarini ko’rish lozimligi ta’kidlandi.

2014-2015 o’quv yilida kasb-hunar kollejlarini bitirgan 34910 nafar Toshkent shahrida doimiy istiqomat qiluvchi bitiruvchilarning ish joylarini oldindan belgilab qo’yish yuzasidan uch tomonlama shartnomalarni imzolash ishlarini oxiriga yetkazish hamda shartnomalarning haqqoniyligini ta’minlash; kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko’maklashish ishlarini davom ettirish, joylardagi kollejlar va korxonalarda «Bo’sh ish o’rinlari yarmarkalari» o’tkazilishining maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Shuningdek, 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish masalasi atroflicha ko’rib chiqildi.

2015 yilning 25 iyuliga qadar saralash test sinovlaridan o’ta olmagan bitiruvchilarni ikkinchi yo’nalish bo’yicha o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga hujjatlarini topshirish ishlarini uyushqoqlik bilan amalga oshirish, bunda bitiruvchilarning o’z hududidagi qabul qilish imkoniyatiga ega bo’lgan o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga joylashtirilishiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlab o’tildi. Joriy yilning 1 avgustiga qadar 9-sinf bitiruvchilarini ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olish ishlarini to’liq yakunlash vazifalari belgilandi.

Bundan tashqari sessiyada xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzurida ijtimoiy sheriklik bo’yicha jamoat komissiyasini tuzish, Toshkent shahar Kengashining Reglamentiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish, shahardagi ba’zi geografik obyektlar nomlarini tartibga keltirish hamda Kengash vakolatiga doir boshqa masalalar ko’rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.