G‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi
2015-12-03
Poytaxtimizda “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan ko‘zlangan maqsad inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ular to‘kis hayot kechirishi uchun munosib turmush sharoitlari yaratishdan iborat bo‘lib, istiqlol yillarida bu borada salmoqli yutuq va natijalar qo‘lga kiritilayotgani alohida ta’kidlandi. Buni yoshi ulug‘ insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan sa’y-harakatlar misolida ham ko‘rish mumkin. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar joriy yilda yangicha sur’atda davom ettirilmoqda. Bunda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining ham munosib hissasi bor.
Xususan, keksalarni, eng avvalo, 1941 — 1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini qo‘llab-quvvatlash, yolg‘iz qariyalar va nogironlarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlarni kengaytirish, farovon va munosib turmush sharoitlari bilan ta’minlashga ahamiyat qaratildi. 9 may — Xotira va Qadrlash kuni bayrami arafasida urush qatnashchilariga pul mukofotlari berildi. Ayni chog‘da 43 ming 567 nafar yolg‘iz keksalarni oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon bilan ta’minlash hamda uy-joylarini ta’mirlash maqsadlari uchun 7 milliard 750 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Hududlardagi Saxovat va Muruvvat uylarida yashovchilar holidan xabar olindi.
Shuningdek, nuroniylarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish, ularni tizimli sog‘lomlashtirishni tashkil etish, reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash, ixtisoslashtirilgan sanatoriy-sog‘lomlashtirish va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan muayyan tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, tizimdagi 15 sanatoriyda katta hajmdagi qurilish, rekonstruktsiya va kapital ta’mirlash yumushlari bajarildi hamda zamonaviy jihozlar va tibbiy uskunalar bilan to‘la ta’minlandi. E’tiborlisi, mazkur muassasalarda Urush va mehnat fronti faxriylari bo‘limlari tashkil etildi. Bugungi kunga qadar 11 ming 458 nafar urush va mehnat faxriysi davlat byudjeti hisobidan bepul sog‘lomlashtirildi. Shundan 4 ming 600 nafari kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda salomatligini tikladi.
O‘z navbatida, har bir hududdan 30 nafardan keksa va jismoniy imkoniyati cheklangan otaxon hamda onaxonlar nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi.
Tadbirda qayd etilganidek, Davlat dasturida keksa avlod vakillarining hurmatini joyiga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirish, ularning munosib hayot kechirishi va hordiq chiqarishini tashkil etish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan. Bu yo‘nalishda salmoqli yumushlar ro‘yobga chiqarildi. Jumladan, 6,5 ming nafarga yaqin keksalar teatr, kontsert va boshqa madaniy tadbirlarga tashrif buyurdi. Qolaversa, 4 ming 774 nafar nuroniy Buxoro, Samarqand, Xiva, Toshkent, Shahrisabz va Termiz shaharlarini sayohat qilib qaytdi.
Faxriylar o‘rtasida sportning shaxmat, shashka va stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Havaskor velosportchilar o‘rtasida tashkil etilgan “Kasaba-Tur” velomarafonida 500 nafardan ortiq mehnat faxriylari va yoshi ulug‘ insonlar qatnashgani, ayniqsa, e’tiborlidir.
Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Manba: «Xalq So'zi»