Yo‘llar ravonligi ta’minlanmoqda
2015-11-30
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi tomonidan umumiy foydalanishdagi hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Respublika yo‘l jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Sh.Jumaboyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida avtomobil yo‘llari tizimini takomillashtirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi hamda aholi farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 2010-2014-yillarda qariyb 7700 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida qayta qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Bu yo‘llarning 1474 kilometrdan ortig‘i shahar ko‘chalari va namunaviy qishloq uylarining ichki yo‘llari hisoblanadi.
2014-yilda jamg‘arma tomonidan umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash ishlariga 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan. Shundan qariyb 254 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ shahar ko‘chalari va namunaviy qishloq massivlarining ichki yo‘llariga sarflangan.
Joriy yilda 376,3 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlashga Respublika yo‘l jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlarining 1 trillion 543 milliard so‘mdan ziyod mablag‘i ajratilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 6-martdagi «2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq kelgusi besh yilda qariyb 3 ming kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida qurish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich va transport bog‘lamalarini qurish mo‘ljallangan.
2016-yilda 512,9 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Bunga 1 trillion 800 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Jahon bankining 200 million dollar miqdoridagi mablag‘i hisobidan Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida jami 376 kilometr uzunlikdagi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari to‘liq ta’mirlanadi.
Avtomobil yo‘llarini saqlash va joriy ta’mirlash ishlarini bajarish uchun 2015-2019-yillarda yana 993 dona texnika va 38 dona yo‘l qurilish kompleksini sotib olish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.
Manba: O'zA