E’zoz va ehtirom

2015-03-15

Keksalarni e’zozlash yili otaxonu onaxonlarimiz hayotini mazmunli qilish yo‘lida olib borilayotgan ishlarimizni yanada kuchaytirish hamda samarasini oshirish uchun o‘ziga xos yo‘nalish berdi.

«Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi asosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan ishlab chiqilgan tarmoq Dasturiga ko‘ra, bir qator yo‘nalishlarda chora-tadbirlar amalga oshirish belgilangan.

Jumladan, keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish hamda ular hayoti mazmuni va sifatini oshirish, pensiya ta’minoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirishga oid normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ya’ni, O‘zbekiston Respublikasining «Qariyalar, nogironlar va aholining boshqa qatlamlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida»gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining «Ijtimoiy xizmatlar tayinlash va ko‘rsatish hamda qariyalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishning individual dasturini shakllantirish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarori, Prezidentimizning «2015-2020 yillar mobaynida yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlash va takomillashtirish Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Qarori loyihalarini ishlab chiqishda va bir qator qonun va qonunosti hujjatlari tayyorlanishida faol ishtirok etiladi.

Avvalambor, 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilarining har biriga 300 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. 23 ming nafar urush va mehnat faxriysi, yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarga kasaba uyushmalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon olib beriladi, yashash joylarini ta’mirlash, kommunal to‘lovlarini to‘lash kabilarda ko‘maklashiladi. «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashovchi qariyalar holidan xabar olinib, moddiy qo‘llab-quvvatlanadi, ular uchun madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi.

Faxriylar va yoshi ulug‘ insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, ularni tizimli asosda sog‘lomlashtirishni tashkil etishga e’tibor kuchaytirilib, qariyalar va nogironlarni yordamchi hamda texnik reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash yaxshilanadi, keksalarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan sanatoriy-sog‘lomlashtirish va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanadi. 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarining yilda bir marta kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy-­sog‘lomlashtirish muassasalarida davlat byudjeti hisobidan davolanishlari yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun tizimdagi 15 ta sanatoriyda «Urush va mehnat fronti faxriylari» bo‘limlari tashkil etilgan bo‘lib, yil davomida 10102 nafar faxriy sog‘lig‘ini tiklaydi. Shuningdek, 2 ming nafar ishlaydigan keksalar kasaba uyushmalari hisobidan, 1,5 ming nafar mehnat faxriysi jamoa shartnomalari orqali bepul, 2,5 ming nafar ishlamaydigan pensioner farzandlari ish joylaridan imtiyozli ravishda sog‘lomlashtiriladi.

Sanatoriylar atrofida joylashgan mahallalarda yashovchi yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylar, shuningdek, sanatoriyda ko‘p yillar xizmat qilib nafaqaga chiqqan sobiq xodimlarni tashxislash, sog‘lomlashtirish muolajalari ambulator ­sharoitda o‘tkaziladi. «Keksa yoshdagilarni sanator-kurort ­sog‘lomlashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari» mavzusida xal­qaro seminar tashkil etiladi. Respublikaning har bir hududidan 30 nafardan, jami 420 nafar qariyaga yordamchi va texnik reabilitatsiya vositalari, 15 nafardan, jami 210 nafar keksaga tanometr, eshitish apparati yoki glyukometr (test poloskasi) beriladi.

Tizimdagi bir qator sog‘lomlashtirish muassasalarida qurilish, rekonstruktsiya va kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini boyitish, Xovos, Qo‘qon temiryo‘l uzeli va Toshkent temiryo‘l muhandislari ­institutlari «Nuroniy» kengashlariga homiylik yordami ko‘rsatish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizning mudofaa qobiliyati, iqtisodiy, madaniy va intellektual salohiyatini oshirish, jamiyatimizda tinchlik, totuvlik va barqarorlik muhitini mustahkamlashga bebaho hissa qo‘shgan, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan keksa avlod vakillariga munosib e’tibor qaratilib, jamoa shartnomalari orqali 84 ming nafar keksa turli ko‘rinishda moddiy qo‘llab-quvvatlanib, rag‘batlantiriladi.

1 oktyabr — Xalqaro keksalar kuni munosabati bilan joylarda turkum tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. ­Jamoalarda urush va mehnat faxriylari ishtirokida yosh avlodning ma’naviy va axloqiy tarbiyasiga ko‘maklashish, ularda milliy g‘urur va o‘zini anglash hissini shakllantirish maqsadida «Siz doim e’zozdasiz», «Qarisi bor uyning parisi bor», «Keksalarni ardoqlagan yurt», «Faxriylar — faxrimiz» mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar uyushtirish shular jumlasidandir.

O‘z mavsumida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida «Nuroniy otaxon va onaxonlar — bolalar nigohida» nomli rasm­lar tanlovi o‘tkazilib, mehnat jamoalarida «Kasbim — faxrim» nomli tadbirlar tashkil etish orqali mehnat faxriylarining yoshlar bilan uchrashuvlari yo‘lga qo‘yiladi. Har bir korxona, tashkilot va muassasada «Faxriylar kengashi» tashkil etilib, ularning boy tajribalaridan foydalanish, tadbirlarda qatnashishini ta’minlash uchun barcha choralar ko‘riladi.

Amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirish, keksalar hayot faoliyati va dam olishini tashkil etish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish maqsadida mehnat jamoalarida faxriylar o‘rtasida sportning shaxmat, shashka, stol tennisi, badminton turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Xotira va qadrlash kuni hamda Mustaqillik bayramlari arafasida 560 nafar keksa faxriyning teatr, kontsert va boshqa madaniy tadbirlarga tashrifi uyushtirilib, xavfli va zararli mehnat sharoitlarida ishlagan xodimlarning imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqishiga ko‘maklashish rejalashtirilgan.

Mehnat jamoalarida «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturining maqsad va mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida ma’ruzalar tashkil qilinib, korxona, tashkilot va muassasalar, sanatoriylar hamda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi «Ma’naviyat xonalari» plakatlar bilan jihozlanadi.

Shuningdek, mahallalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tashkiliy tuzilmasida keksalar va nogironlarga doimiy e’tibor qaratadigan sektorni mustahkamlash, bunda ularga xizmat ko‘rsatadigan idora va xizmatlar, birinchi navbatda, pensiya, ijtimoiy va tibbiy ta’minot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishda ham kasaba uyushmalari faol ishtirok etadi. Xususan, mahallalarda o‘tkaziladigan «Keksalar duosini olaylik» aktsiyasi chog‘ida urush va mehnat fronti ishtirokchilari yashayotgan, ehtiyojmand oilalardan 2 ming nafariga elektr-maishiy texnika vositalari bepul taqdim etiladi. «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin» shiori ostida o‘tkaziladigan tadbirlarda har bir hududdan 80 nafardan 1120 nafar urush va mehnat faxriysining respublikamizning tarixiy shaharlariga sayohati uyushtiriladi.

Keksalarni e’zozlash yilida yuqoridagi maqsadlar uchun Federatsiya Kengashi tomonidan 52 mlrd. 774 mln. 600 ming so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.