Birjalar rivoji — mamlakat iqtisodiyoti, xalq farovonligi garovi

2018-05-30

2018 yil 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijro etilishining holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining axboroti eshitildi.

Majlisda senatorlar, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Adliya, Moliya, Iqtisodiyot, Tashqi savdo, Axbort texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, Bank-moliya akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, tijorat banklari rahbarlari, iqtisodchi olimlar, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda birjalar faoliyatini takomillashtirish, jumladan fond bozorini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Birjalar va fond bozorini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlari xalqaro tajriba va zamon talablaridan kelib chiqib, yangi tahrirda qabul qilindi. Shuningdek, birjalar faoliyatini takomillashtirish hamda fond bozorini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar bugungi kunda Prezidentimizning 2017 yil 18 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar doirasida amalga oshirib kelinmoqda.

Ayni paytda yurtimizda 4 ta birja, jumladan, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan faoliyati tartibga solinadigan 3 ta birja — O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi, Respublika ko‘p tarmoqli agrosanoat birjasi, “Toshkent” Respublika fond birjasi ishlab turibdi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida fond bozori, fond birjasini yanada rivojlantirish uchun Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi ishini tubdan qayta tashkil etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni bajarish yuzasidan qo‘mita huzuridagi mazkur markazni Kapital bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish agentligi sifatida qayta tashkil etish bo‘yicha tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Yig‘ilishda birjalarga oid qonunchilik va fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, hanuzgacha mamlakat moliya bozorini o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbollarda rivojlantirish konsepsiyasi talab darajasida ishlab chiqilmagan. Fond bozori likvidliligi nisbatan pastligicha, ikkilamchi bozor esa o‘ta passivligicha qolmoqda. Natijada aholi va boshqa bozor qatnashchilarining fond bozori amaliyotlariga bo‘lgan ishonchi ortmayapti. Iqtisodiyotning real sektori va fond bozori o‘rtasida uzilish mavjud bo‘lib, korxonalar tomonidan investitsion mablag‘lar jalb qilinishida fond bozori instrumentlaridan foydalanish yetarli darajada emas. Milliy moliya bozorining ochiq modeli va makroregulyatori hisoblangan jamg‘armalarni (S) fond bozorining investitsion instrumentlari orqali real iqtisodiyotga (I) transformatsiyalash jarayonlari e’tibordan chetda qolgan. Ayniqsa, davlat ishtiroki bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining faoliyati sust. Xo‘jalik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini baholash jarayoni yetarlicha samara bermayapti, baholash natijalariga ko‘ra kuzatuv kengashi va ijroiya organiga nisbatan ko‘rilgan choralar deyarli sezilarsiz qolmoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan birjalar va fond bozorini rivojlantirish, investorlar va fond bozorining boshqa ishtirikchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Birjada faoliyat yuritayotgan xodimlarning malaka va ko‘nikmasini oshirish, rivojlangan chet el birjalarida tizimli ravishda ularning amaliyot o‘tashini tashkil etish, birja savdolarida likvidlilikni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish, birja tovarlarining ikki tomonlama uzluksiz kotirovkasini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi professional ishtirokchilar – market-meykerlar faoliyatini rag‘batlantirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Tadbirda senatorlar “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosini so‘zsiz bajarish, sohani zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish lozimligini ta’kidladilar. Bu borada zarur taklif va tavsiyalar berildi.

Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati