Toshkent – Andijon poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi
2016-08-27
Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma besh yillik bayrami arafasida qurilishi yakunlangan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li orqali 27-avgust kuni yo‘lovchi poyezdi Toshkentdan Andijonga yo‘l oldi.
Hammaning yuzida xursandchilik. Poyezdga chiqayotgan otaxonu onaxonlar tilidan shukronalik tushmaydi: shu kunlarga yetkazganiga shukr! Mamlakatimiz gullab-yashnayversin. Yurtimiz tinch, Yurtboshimiz omon bo‘lsin.
Yo‘lovchilar mamlakatimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, xususan, transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida suhbatlashib ketdi.
Prezidentimiz rahnamoligida mustaqillikning ilk yillaridan mamlakatimizning barcha hududlarini yaxlit transport-kommunikatsiya tizimiga bog‘lash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda minglab kilometr yangi temir yo‘llar qurildi, zamonaviy yo‘l infratuzilmasi yaratildi.
Prezidentimiz Islom Karimov 2013-yil 26-aprel kuni xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Angren – Pop yo‘nalishida elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi rejalashtirilgani, 2016-yilda bu temir yo‘l qurib bitkazilishi va poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.
Ana shu so‘zlarning isboti sifatida qisqa vaqtda 123,1 kilometrlik Angren – Pop temir yo‘li va uning tarkibida 19,2 kilometrlik Qamchiq tunneli qurib bitkazildi.
Bu bilan mamlakatimizda yaxlit, mustaqil va zamonaviy temir yo‘l tizimi yaratildi. Ulkan strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur loyiha mamlakatimizning kommunikatsiya va transport sohasida erishgan taraqqiyoti darajasini namoyon etdi.
Mazkur yo‘l Farg‘ona vodiysi viloyatlariga poyezdda yuk va yo‘lovchi tashish imkonini beradi. Shu bilan birga, Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekistonning chet davlatlarga chiqish va eksport imkoniyatini, yurtimizning tranzit rolini kengaytirish borasidagi salohiyatini keskin oshiradi.
– O‘n milliondan ziyod aholi yashayotgan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining mamlakatimizning boshqa hududlari bilan transport kommunikatsiyalari ancha chegaralangan edi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining kapital qurilish direksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi boshlig‘i E.Ummatov. – Sobiq tuzum davrida barcha kommunikatsiya tarmoqlari, avvalambor, transport-logistika aloqasi qo‘shni respublika hududi orqali o‘tar edi. Bu holat avvalo aholi, qolaversa, iqtisodiyot uchun ko‘plab noqulayliklar tug‘dirardi. Odamlarimiz Farg‘ona vodiysini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan temir yo‘l vositasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan kunlar tezroq kelishini orzu qilardi. Prezidentimiz mustaqillikning ilk yillaridan bu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Dastlab Qamchiq dovoni orqali yangi avtomobil yo‘li qurildi. Bu yil xalqimizning yana bir orzusi ushaldi – temir yo‘l ham foydalanishga topshirildi.
– Bugun xalqimiz, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi ahli uchun katta bayram, unutilmas tarixiy kun, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari E.Siddiqova. – Men ham ushbu bayramda ishtirok etib, ulkan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, ko‘zlarimga quvonch yoshlari keldi. Mustaqillik sharofati, davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati tufayli shunday ulkan yutuqlarga erishayapmiz.
...Poyezd Angren, Pop, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridan o‘tib, Andijon shahriga yetib keldi. Bu yerda hozir bo‘lganlar mehmonlarni karnay-surnay va gullar bilan kutib oldi.
Andijon temir yo‘l vokzalida ushbu voqea munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi F.Dadaxo‘jayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.Ramatov, “Nuroniy” jamg‘armasining Andijon viloyati bo‘limi kengashi raisi T.Topvoldiyev, Namangan davlat universiteti professori T.Fayzullayev, O‘zbekiston xalq artisti E.Komilov, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureati S.Foziljonova va boshqalar Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining foydalanishga topshirilishi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati yanada taraqqiy etishiga, aholi turmush farovonligi bundan-da yuksalib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Zokirov so‘zga chiqdi.
Shu kuni poyezd Andijondan poytaxtimizga yo‘l oldi.