Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi

2016-07-12

“O‘zekspomarkaz”da I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ochildi

Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 1-iyundagi Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o‘tkazib turish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan tashkil etilgan mazkur yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida agrar tarmoqda chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilgani samarasida meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik va uzumchilik izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish, bog‘dorchilikni rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Istiqlolning ilk kunlaridanoq Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda oziq-ovqat mustaqilligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligini izchil isloh qilishning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi. Sayyoramizning qariyb 1 milliard aholisi to‘yib ovqatlanmayotgan va bu boradagi muammo tobora keskinlashib borayotgan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash insoniyatning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonning oziq-ovqat mustaqilligini ta’minlash yo‘lida belgilagan strategiyasi naqadar to‘g‘ri bo‘lganligini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

2015-yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor bo‘lgan 14 davlatdan biri sifatida e’tirof etilgani bejiz emas.

Mamlakatimizda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar salomatlik uchun foydali mikroelementlar, oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi tufayli noyobdir. O‘zbekistonning noyob tuproq-iqlim sharoiti, mamlakatimizda quyoshli kunlar bir yilda o‘rtacha 320 kun bo‘lishi, to‘rt faslning izchil almashinuvi keng turdagi yuqori sifatli meva va sabzavotlarning asosiy navlarini yetishtirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Shuning uchun ham saxovatli o‘zbek zaminida yetishtiriladigan meva va sabzavotlar yuqori nufuzga ega bo‘lgan haqiqiy brendga – tovar belgisiga aylanib, bu mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarda ular yuksak raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi.

– O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar salomatlik uchun g‘oyat muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi, yuqori sifati, ekologik toza va xavfsizligi, raqobatbardoshligi bilan boshqa mintaqalarda yetishtirilgan ana shunday mahsulotlardan sezilarli darajada yuqori turadi, – deydi Xalqaro yong‘oq va quruq mevalar bo‘yicha kengash raisi o‘rinbosari Pino Kalkagni. – O‘zbekistonda yetishtirilayotgan mevalarga dunyo mamlakatlarida talab juda katta. So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekiston quruq mevalari va yong‘oqlari eksporti hajmi 5 karra ortgani buning yorqin dalilidir. Mamlakatingizda oziq-ovqat sanoatining mazkur yo‘nalishini yanada rivojlantirishning salohiyati katta. Serquyosh o‘lkangizda yetishtiriladigan mevalarni, ayniqsa, qora mayizni yaxshi ko‘raman. Mazkur yarmarka O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari, zaxira va salohiyati bilan yanada yaqinroq tanishish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, hamkorlik o‘rnatish, fikr va tajriba almashishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. Bugun xalqimiz ehtiyojidan ortiqcha 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar AQSh, Braziliya, Vetnam, Indoneziya, Kipr, Makedoniya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Norvegiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Slovakiya, Tailand, Xitoy, Yaponiya kabi saksondan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda. Sohada olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar samarasida eksport jo‘g‘rofiyasi kengayib, hajmi tobora oshmoqda.

Mamlakatimizda yiliga 17 million tonnadan ziyod meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqariladi, ularning 4 million tonnadan ziyodi eksport qilinadi. O‘tgan yili yurtimizda 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum, 2 million 731 ming tonna meva yetishtirildi.

Qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan 230 korxona, 77 ming 800 tonna sig‘imga ega bo‘lgan 114 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi. Mamlakatimizda meva-sabzavotlarni saqlashning umumiy quvvati 832 ming tonnaga yetkazildi. Natijada yil davomida narxlarning oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan, aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ushbu mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirish, narx-navo barqarorligini saqlash imkoniyati yaratildi.

Hozirgi kunda ekin maydonlari optimallashtirilib, hosildorlikni oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilib, ularga seleksioner olimlarimiz yaratgan har bir hududning iqlimiga mos, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar ekilmoqda. So‘nggi yillarda qariyb 100 ming gektarda mevali bog‘ va tokzorlar barpo etildi. Keyingi uch yilda 22 ming gektardan ziyod maydonda intensiv bog‘ tashkil qilindi. Ularni yaratishda asosan tog‘ va tog‘oldi hududlari, shuningdek, suv taqchil yerlarda payvandtaglarga pakana ildiz-bo‘g‘iz qo‘yish yo‘li bilan yetishtirilgan ko‘chatlardan foydalanish texnologiyasi keng joriy etilmoqda. Bunday bog‘lar ikki yilda hosilga kirib, oltinchi yili gektaridan 50-60 tonnagacha meva berishi bilan ajralib turadi.

Seleksionerlarimiz yaratgan iqlim sharoitimizga mos, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 170 dan ortiq navi, meva va rezavor ekinlar va uzumning 175 navi parvarishlanmoqda. Bunda paxta maydonlari qisqarib, meva-sabzavot, poliz va uzum yetishtirishga ixtisoslashgan maydonlarning kengayishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday ishlar natijasida 2020-yilga borib kartoshka yetishtirish 35 foizga, sabzavot 30, meva va uzum 21,5 foizga oshishi kutilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash tashqi va ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmini 2030-yilda 5,7 karra oshirish imkonini beradi.

Ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turini kengaytirish hisobidan qishloq xo‘jaligi sektorining eksport salohiyatidan to‘liq hamda samarali foydalanish maqsadida “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi va “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tashkil etilib, yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni eksportga yetkazib berish bo‘yicha ularning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.

Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijliklarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida erishilayotgan ana shunday yuksak samaralar bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatimizda yetishtirilayotgan ekologik toza meva-sabzavotlar, poliz ekinlari hamda ularni qayta ishlash orqali tayyorlanayotgan turli xildagi mahsulotlarni namoyish etish, sohada mavjud mahalliy va xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi sheriklar topish, mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirishdan iborat.

Yarmarkada AQSh, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi qirqdan ziyod mamlakatdan ko‘plab xalqaro savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan vazirlik va idoralar, logistika kompaniyalari, mamlakatimizning meva-sabzavotchilik sohasida ish yurituvchi korxonalari ishtirok etmoqda.

– Hamkorligimiz barcha sohalarda izchil rivojlanayotgani bizni g‘oyat quvontiradi, – deydi Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sergey Levin. – O‘zbekiston Rossiyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi an’anaviy va muhim sherigidir. Mamlakatingizda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavotchilik sohasi ham izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini yanada oshirish, uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdormiz. Mazkur yarmarka mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sohaga oid hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini beradi.

Xalqaro forum oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda ho‘l va quruq mevalar, sitruslar, sabzavotlar, ko‘katlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oqlar, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlar va qadoqlash texnologiyalari, transport va logistikaga oid ko‘plab bo‘limlar ishlab turibdi.

Mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish, barcha sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda muhim omil bo‘layotir. Xususan, meva-sabzavotchilik sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘plab korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston meva-sabzavotchilik sohasi vakillarining mahsulotlari mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan kompaniyalar ekspozitsiyalarida keng o‘rin egallagan. “Agro Sweet Plus”, “Afruz-Kamol-Nabi”, “Delta Ekspress”, “Fergana Agroexport Biznes”, “Qashqadaryo Agroeksport Info”, “Different Med”, “Business Diamond Invest” korxonalari shular jumlasidandir. Ular keng turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini namoyish qilib, o‘z xizmatlarini taklif etmoqda.

– 2008-yildan buyon faoliyat yuritayotgan kompaniyamiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, meva-sabzavotlarni quritish va ularning savdosi bilan shug‘ullanadi, – deydi Namangan shahridagi “Afruz-Kamol-Nabi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tijorat ishlari bo‘yicha direktori Sobit No‘monov. – Mamlakatimizda tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Korxonamiz ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarning jalb etilishi yiliga 25 ming tonna mahsulotni qayta ishlash imkonini berayotir. Mahsulotlarimizga xorijda ham talab katta. Ularning eksportini kengaytirishni rejalashtirganmiz. Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi shu jihatlari bilan bizga juda ma’qul bo‘lmoqda.

Yarmarka doirasida eksportchilar va O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari xaridorlari o‘rtasida o‘zarouchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilishi, tadbir ishtirokchilarining meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, intensiv bog‘lar, muzlatkichli omborlar bilan tanishuvi rejalashtirilgan.

– Tashkilotimiz O‘zbekiston bilan ko‘plab sohalarda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirib kelmoqda, – deydi Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Takeo Konishi. – Hamkorligimizning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihalardir. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga, fermer va ishbilarmonlarga imtiyozlar yaratishga, meva-sabzavotchilik tarmog‘ini taraqqiy ettirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunday yuksak e’tibor O‘zbekiston iqtisodiyotining muttasil rivojlanishida muhim omil bo‘layotir. Mamlakatingiz bilan bundan keyin ham o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni hayotga izchil tatbiq qilishda faol ishtirok etish niyatidamiz.

Ushbu anjuman mamlakatimiz ishbilarmonlari va chet ellik hamkorlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash, ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, jahon oziq-ovqat mahsulotlari bozorining yo‘nalishlari va rivojlanish istiqbollarini tahlil etish, O‘zbekistonning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.