BMT Bosh Assambleyasi 70-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi
2016-02-02
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma'lumot BMT Bosh Assambleyasi 70-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Unda ma'lum qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hamon davom etayotganiga qaramasdan, 2015 yildagi iqtisodiy dasturni izchil hayotga tadbiq etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng imtiyoz va preferensiyalar yo‘lini ochib berish, chuqur tizimli o‘zgarishlarni amalga oshirish natijasida iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur'atlarini va uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta'minlashga erishildi.
Hujjatda xalqaro miqyosda katta nufuzga ega bo‘lgan Jahon iqtisodiy forumi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2014 - 2015 yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016 - 2017 yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olgani qayd etilgan.
Respublikada mulkchilik tizimini tubdan o‘zgartirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, korporativ boshqaruvning tamoyil va yondoshuvlarini o‘zgartirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, barcha aksiyadorlik jamiyatlarida boshqaruvning zamonaviy uslublari qo‘llanilayotgani mazkur hujjatda alohida ta'kidlangan.
Hayotga tadbiq etilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000 yildagi 31 foizdan bugungi kunda 56,7 foizga yetgani yoki 1,8 barobar oshgani, shuningdek, iqtisodiyot o‘sishining barqaror yuqori sur'atlari aholi daromadlarini oshirib, odamlar hayotining darajasi va sifatini yuksaltirgani ma'lum qilingan.
Mazkur hujjatda xorijlik sheriklar ishtirokida sarmoyaviy loyihalarning amalga oshirilayotgani, agrar va bank jabhalaridagi tizimli o‘zgarishlar natijalari hamda kadrlar tayyorlash va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
Materialda Prezident Islom Karimov o‘z ma'ruzasida ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan uzluksiz yangilab borish, doimiy ravishda ichki imkoniyat va zaxiralarni izlab topish, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni izchil davom ettirishdan iborat bo‘lishi zarur ekanligini ta'kidlagani ham o‘z ifodasini topgan.
Unda “Sog‘lom ona va bola yili”, deb e'lon qilingan 2016 yili O‘zbekistonda oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlash, perinatal va skrining markazlar, patronaj xizmatlarning moddiy-texnika bazasi, kadrlar salohiyatini shakllantirish va mustahkamlash, yosh onalar va bolalarni parvarish qilish darajasi va sifatini oshirish, oilada sog‘lom ma'naviy muhit yaratish singari masalalarga alohida e'tibor qaratilishi ham ta'kidlangan.